100 mln so‘mdan oshgan summadagi tovarlar sotib olinganda tadbirkor YaST to‘lashga o‘tkaziladi

Yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni hisoblash va soliqlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 yanvardan yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq solish kalendar yilida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum miqdoriga bog‘liq:

• 100 mln so‘mdan oshmaganda – qat’iy belgilangan soliq to‘lanadi;
• 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmaganda – 4% stavkada YaST to‘lanadi;
• 1 mlrd so‘mdan oshganda – yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan umumbelgilangan soliqlar to‘lanadi (26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorning 8-bandi).

2019 yil 1 yanvardan kuchga kirgan Soliq kodeksidagi o‘zgartirishlarga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilangan tushum miqdori oshgan oydan keyingi oydan boshlab soliq solish tartibi o‘zgaradi.

Biroq soliq solishning yangi tartibida noaniq jihatlar talaygina. Shu sababli amaliyotda yuzaga kelgan ayrim muhim savollarga javob beradigan hujjat qabul qilindi.

Tushum miqdori qanday hisoblanadi

Yakka tartibdagi tadbirkorlarning tushumi ustidan soliq nazoratini ta’minlash mushkul. Shu sababli DSQ Moliya vazirligi va SSP bilan kelishuvga ko‘ra yakka tartibdagi tadbirkorni YaST to‘lashga o‘tkazish uchun tushum miqdorining quyidagi belgilari asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinligi haqida qaror qabul qildi:

• yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan taqdim etiladigan soliq hisoboti;
• xizmat ko‘rsatuvchi banklardagi hisobvaraqlarida 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mgacha tovar aylanmasini amalga oshirganligi to‘g‘risidagi bank ma’lumotlari;
• kameral nazorat natijasida yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan qiymati 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tovarlar sotib olinganligi;
• bojxona organlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra summasi 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan tovarlarni import qilganligi;
• belgilangan tartibda o‘tkazilgan xronometraj ko‘zdan kechirish natijalari bilan tushumi 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mgacha ekanligi hisob-kitob qilingan holatda;
• tegishli tashkilotlardan olingan boshqa ma’lumotlar asosida tushumi 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan degan xulosaga kelinganda.

Tushum miqdori bir kalendar yilidagi oylar davomida o‘sib boruvchi yakun bilan aniqlanadi. Faoliyatning bir necha turi bilan shug‘ullanganda soliq solish tartibini aniqlash uchun jami tushum aniqlanadi.

Soliq solishning boshqa tartibiga o‘tganda soliq solinadigan baza qanday aniqlanadi

Qat’iy belgilangan soliq har oyda to‘lanadi. YaSTda esa hisobot davri – chorak. Yakka tartibdagi tadbirkor tushum miqdori 100 mln so‘mdan oshgan oydan keyingi oydan boshlab YaST to‘lashga o‘tishi sababli kolliziya yuzaga keldi: joriy chorakda qat’iy belgilangan soliq to‘langan bo‘lsa, nima qilish kerak?

Belgilanishicha, yakka tartibdagi tadbirkor qat’iy belgilangan soliqni to‘lash davrida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan tushum YaST bo‘yicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi. Xuddi shu tartibda qat’iy belgilangan soliq yoki YaST to‘langan davrda olingan tushum umumbelgilangan soliqlar bo‘yicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.

«Bo‘ron o‘tishini kutish mumkinmi»

Ayrim tadbirkorlar tushum miqdori 100 mln yoki 1 mlrd so‘mdan oshganda keyingi kalendar yiligacha o‘z faoliyatlarini vaqtinchalik to‘xtatish yoxud tugatish istagini bildirishlari mumkin. Maqsad – yangi yilni yangi ko‘rsatkich bilan boshlash, zero tushum yangidan hisoblana boshlaydi.

Biroq endi qonunchilikda qayd etilganidek, tushumi belgilangan miqdorga yetgan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatni tiklaganda baribir YaST yoxud umumbelgilangan soliqlarni to‘laydilar. Yakka tartibdagi tadbirkorning «harakatsizlik» muddati ahamiyatga ega bo‘lmaydi.

Faoliyat turining o‘zgartirilishi ham avvalgi soliq solish tartibini saqlab qolish uchun asos bo‘la olmaydi. Soliq organlari oldingi faoliyat turi bo‘yicha oborotlarni hisobga olib, «eski» tushum miqdoridan kelib chiqqan holda soliq solish tartibini belgilaydilar.

Qanday hisobotlar topshiriladi

Yakka tartibdagi tadbirkorlar quyidagi soliq hisoboti shakllarini topshiradilar:

• tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum 100 mln so‘mdan oshmaganda – MV va DSQning «Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga (21.01.2019 yilda 3126-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) 11-ilovaga muvofiq har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay;
• 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmaganda – MV va DSQning «Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga (21.01.2019 yilda 3126-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) 9-ilovaga muvofiq har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlariga ko‘ra – hisobot yilidan keyingi yilning 15 fevralidan kechiktirmay;
• tushum 1 mlrd so‘mdan oshganda – umumbelgilangan soliq solish tizimida yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibga ko‘ra, buxgalteriya hisobini yuritish majburiyati bilan.

Soliq kodeksining 374-moddasiga muvofiq, faqat savdo faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar daromadlarni va tovar operatsiyalarini hisobga olish registrlarida hisob yuritishlari shart. Qabul qilingan hujjat bilan barcha tadbirkorlar registrlarni yuritishi shartligi belgilandi.

Bundan tashqari, Soliq kodeksining 374-moddasiga ko‘ra, tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib kiradigan yakka tartibdagi tadbirkorlar har oyning yakunlari bo‘yicha hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay hisobot taqdim etadilar. Qabul qilingan hujjatda barcha uchun umumiy muddat belgilandi – har chorakda, hisobot choragidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay.

Mazkur holatlar yuzasidan ixtilof yuzaga kelganda «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasidagi qonun hujjatlarining o‘zaro nisbatiga doir qoidalarga rioya etishni tavsiya qilinadi.

Yollangan xodimlar bo‘yicha YaIT qanday to‘lanadi

Yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyatidan tushum 1 mlrd so‘mdan oshmasa, yollangan xodimlar bo‘yicha YaIT Soliq kodeksining 311-moddasidagi tartibga binoan to‘lanadi. Tushum ushbu miqdordan oshsa – qabul qilingan Nizom mohiyatiga ko‘ra YaIT to‘lashning umumbelgilangan tartibi qo‘llaniladi.

Posted in Yangiliklar.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan